O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari sayloviga tayyorgarlik ko‘rish, uni yuqori saviyada tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha amalga oshirilgan asosiy chora-tadbirlarga bag‘ishlangan brifing o‘tkazildi.
Unda Buxoro viloyati hududiy saylov komissiyasi raisi Muhammadqosim Olimov saylovga tayyorgarlik ishlari borasida batafsil axborot berdi.
Brifingda ovoz berish jarayonlari va uni o‘tkazish tartibi bo‘yicha so‘z bordi. Unda ishtirok etgan jurnalistlar va blogerlar saylovni tashkil etish ishlari bilan tanishtirildi. Ta’kidlandiki, tayyorgarlik jarayoni Saylov kodeksi talablariga binoan, qonuniylik, mustaqillik, xolislik, ochiqlik, oshkoralik hamda adolat tamoyillariga qat’iy amal qilgan holda amalga oshirilmoqda. Fuqarolardan, saylov tashkilotchilari-yu, jurnalistlardan tushayotgan barcha murojaatlarga hududiy saylov komissiyasining a’zolari o‘z vaqtida malakali javoblar qaytarishmoqda.