Ma’lumki, saylov kuni o‘z yashash joyida bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lmagan saylovchi muddatidan oldin ovoz berish huquqiga egadir. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovida muddatidan oldin ovoz berish jarayoni 16 oktabrdan respublika bo‘ylab saylov uchastkalarida soat 9:00 dan muddatidan oldin ovoz berish uchun ochildi. Saylovchi saylov kuni o‘z hududida bo‘la olmasligining sabablari (ta’til, xizmat safari, xorijga chiqish va hokazo) ko‘rsatilgan ariza asosida muddatidan oldin ovoz berish huquqidan foydalanadi.
Buxoro tumanidagi 130-saylov uchastkasida ham muddatidan oldin ovoz berish boshlandi. Shu hududda ro‘yxatda turuvchi Firdavs Raxmatov – ichki ishlar sohasida ishlaydi. U 27-oktabr kuni o‘z xizmat vazifasini o‘tashi kerak. Shu uchun Firdavs muddatidan oldin o‘zi tanlagan nomzodlarga ovoz berdi.