Buxoro viloyati hududiy saylov komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Hududiy komissiya a’zolari hamda tuman va shahar komissiyalari raislari ishtirok etgan yig‘ilishda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda mahalliy Kengashlar deputatlari saylovi bo‘yicha uchastka saylov komissiyalari tarkibini tasdiqlash to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilishni viloyat HSK raisi M.Olimov olib bordi.
Qayd etilishicha, xalq deputatlari shahar va tuman Kengashlari, harbiy qismlar komandirlari, qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylari rahbarlari tomonidan uchastka saylov komissiyasi a’zoligiga nomzodlar ko‘rib chiqilib, tasdiqlash uchun “E-saylov” axborot tizimi orqali HSKga yuborilgan.
Muhokamalardan so‘ng, O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 20- va 23-moddalari hamda MSK tomonidan tasdiqlangan “Uchastka saylov komissiyasi to‘g‘risida”gi Nizomga muvofiq, viloyatdagi 631 ta uchastka saylov komissiyasining 6617 nafardan iborat a’zolari tarkibi tasdiqlandi.
Qayd etish joizki, komissiya a’zolari tarkibida avval saylovda ishtirok etganlar, ta’lim, sog‘likni saqlash tizimlari xodimlari, huquqshunoslar, o‘zini o‘zi boshqarish organlari, shuningdek, jamoat tashkilotlari vakillari ko‘pchilikni tashkil etganini kuzatish mumkin.
HSK qarori matni va USKlarning to‘liq tarkibi hududiy saylov komissiyasining rasmiy veb-saytida e’lon qilingan.
Buxoro viloyati hududiy saylov komissiyasi
matbuot markazi