Buxoro viloyatidagi saylov uchastkalarida saylovga tayyorgarlik davom etmoqda

27.09.2024

59

msk_yangiliklari_in

Yaqinlashib kelayotgan muhim siyosiy jarayonlarni namunali o‘tkazish va unda ishtirok etish xalqning huquqiy bilimi hamda siyosiy madaniyatini oynadek namoyon etadi.

 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi hamda mahalliy kengashlar deputatligiga saylovlarni yuqori saviyada tashkil etish maqsadida Buxoro hududiy saylov komissiyasi hamda saylov uchastkalarida tayyorgarlik ishlari allaqachon boshlangan.

 

 

-          Saylov – fuqarolarning o‘z huquqlaridan foydalanishning bir namunasi. Aholini ovoz berishda ishtirok etish va bu jarayonlar bilan yaqindan tanishtirish soha vakillarining zimmasida. Buxoroda mavjud 631 ta uchastkada har bir komissiya a’zosining, dastlab, saylov bo‘yicha o‘tkazilgan o‘quv-mashg‘ulotlardagi ishtiroki ta’minlandi. Aksariyat komissiya a’zolari saylov jarayonlarini o‘tkazish bo‘yicha tajriba va bilimlari borligi, ayni muddao. Hozirda har bir uchastkada ishlar Saylov kodeksi asosida olib borilmoqda, - deydi Buxoro viloyati hududiy saylov komissiyasi raisi o‘rinbosari Rohila Otayeva.

 

Darhaqiqat, saylovga mustahkam tayyorgarlik ko‘rish uchun kerakli sharoitlar yaratish ishlari allaqachon boshlangan. Saylovga oid stendlar, byulleten qutilari va kabinalar tashkil etilyapti. Komissiya a’zolari uchun alohida xonalar qonunga muvofiq tarzda jihozlanyapti.

 

 

-          Kogon shahar 97-saylov uchastkasi faoliyatiga to‘xtaladigan bo‘lsak, tayyorgarlik ishlariga mas’uliyat bilan yondashilyapti. Bemor, yoshi katta, nogironligi bor va boshqa fuqarolar ro‘yxatini tuzish choralari ko‘rilyapti. Saylov kuniga qadar tashkiliy ishlar xalqaro normalar asosida to‘la shakllantiriladi,- deydi komissiya kotibi Xalil Nabiyev.

 

Xulosa qilib aytganda, Buxoro viloyatida saylov jarayonlari milliy qonunchiligimizga muvofiq adolatli va shaffof o‘tishi uchun puxta tayyorgarlik ko‘rilyapti. Barcha harakatlar saylov qonunchiligidagi o‘zgarishlar va mavjud talablarga rioya etgan holda rejali amalga oshirilyapti.

 

Aytish joizki, qonunchilik palatasiga aralash saylov tizimini tashkil etishning ahamiyati yuqori. Zero, har bir yuqori ovoz olgan nomzod xalqimizning ishonchi bilan deputatlikka saylanadi va u har ishda aholining tayanchiga aylanishi lozim.

 

Buxoro hududiy saylov komissiyasi matbuot markazi

 

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur