Xalq deputatlari viloyat kengashi deputatligiga nomzodlar ro‘yxatga olindi

20.09.2024

18531

msk_yangiliklari_in

Buxoro viloyati hududiy saylov komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatligiga siyosiy partiyalardan ko‘rsatilgan nomzodlarni ro‘yxatga olish to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi.

 

Saylov kodeksining 37-moddasiga ko‘ra, xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatligiga siyosiy partiyalar nomzod ko‘rsatish huquqiga ega. Hududiy saylov komissiyasi nomzodlarni belgilangan tartibda ro‘yxatga oladi va ular haqidagi ma’lumotlar rasmiy e’lon qilinishini tashkil etadi. Nomzodlarni ro‘yxatga olish saylovga o‘ttiz besh kun qolganida tugallanadi.

 

 

– Xalq deputatlari viloyat Kengashidagi 50 ta saylov okrugiga beshta siyosiy partiyaning har biridan bir nafardan, jami 250 nafar nomzod to‘g‘risdagi arizalar “e-saylov” tizimi orqali komissiyaga yuborilgan, – dedi hududiy saylov komissiyasi raisi o‘rinbosari Rohilaxon Otaeva. – Nomzodlarni tavsiya etishda, albatta, gender tengligiga ahamiyat qaratilgan.  Biz nomzodlar va ular haqidagi ma’lumotlarni o‘rganib chiqdik. Saylov kodeksi va boshqa qonun hujjatlari talablariga mos keladi.

 

Yig‘ilishda partiyalar tomonidan ko‘rsatilgan 250 nafar nomzodni xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatligiga nomzod sifatida ro‘yxatga olish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

 

 

Saylov kodeksining 40-moddasiga belgilanganidek, hududiy saylov komissiyasi besh kunlik muddatda nomzodlar ro‘yxatga olinganligi to‘g‘risidagi xabarni nomzodning familiyasi, ismi, otasining ismi, tug‘ilgan yili, partiyaga mansubligi, egallab turgan lavozimi (mashg‘ulotining turi), ish va yashash joyini, shuningdek uni nomzod etib ko‘rsatgan siyosiy partiyani ko‘rsatgan holda e’lon qiladi.

 

Shuningdek, yig‘ilishda xalq deputatlari  viloyat Kengashi deputatligi saylovida ishtirok etuvchi siyosiy partiyalar va deputatlikka nomzodlarning saylov kampaniyasi davrida saylovoldi tashviqotini olib borish to‘g‘risidagi masala ham ko‘rib chiqildi hamda tegishli qaror qabul qilindi.

 

 

Buxoro viloyati hududiy saylov komissiyasi

matbuot markazi

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur