12.09.2024

330

msk_yangiliklari_in

Saylov – ovoz berish orqali davlat organlari, mahalliy o‘zini-o‘zi boshqarish organlari va boshqa tuzilmalarni tashkil etish vositasi. Fuqarolarning o‘z saylov huquqini amalga oshirishi – ularning davlatni boshqarishda ishtirok etishining eng muhim shakllaridan biri. 

 

Mamlakatimizda 27-oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda mahalliy kengashlar deputatligiga saylov o‘tkaziladi. Shu munosabat bilan Buxoro tumanida mazkur saylovni o‘tkazuvchi komissiya a’zolarining malakasini oshirish bo‘yicha tashkil qilingan o‘quv-seminarlar qizg‘in davom etmoqda.

 

 

Jumladan, 16-maktabda tumandagi uchastka saylov komissiyalarining a’zolari uchun siyosiy jarayon yangiliklari, saylovdagi asosiy vazifalar, fuqarolar bilan ishlash tartibi hamda boshqa jihatlar bo‘yicha batafsil tushuncha berilmoqda. Mazkur uchastka komissiya a’zolariga 4 nafar mohir trener tomonidan o‘quv mashg‘ulotlari olib borilmoqda. Darslar mobaynida saylovga oid o‘quv qo‘llanmalar, hujjatlar, videoroliklardan ham keng foydalanilmoqda.

 

– Uchastka saylov komissiyasi raisi, rais o‘rinbosari hamda kotiblari ishtirokida o‘tkazilayotgan o‘quv jarayonlarida trenerlarning berayotgan ma’lumotlari natijasida savollarga ham o‘rin qolmayapti, – deydi o‘quv-seminar ishtirokchisi Zulfiya Shaxobova. – Seminarda har bir jihatga, ayniqsa, saylov komissiyalari binolari va ovoz berish xonalarini jihozlash tartibi, saylov tizimi borasidagi bilimlarimiz mustahkamlanyapti,

 

Buxoroda uchastka saylov komissiyasi a’zolari uchun o‘quv-seminar 18-sentyabrga qadar bosqichma-bosqich davom etadi.

 

Buxoro viloyat hududiy saylov komissiyasi matbuot xizmati

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur