Mamlakatimizda shu yil 27 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda mahalliy Kengashlari deputatligiga saylov bo‘lib o‘tadi. Shu bois Buxoro viloyatida tayyorgarlik ishlari qonunchiligimizda belgilangan tartib-qoidalar va talablarga mos ravishda tashkil qilinmoqda
– Saylovni o‘tkazish va ovoz berishda muhim o‘rin tutadigan Peshku tumanidagi 13-maktabda joylashgan 344-saylov uchastkasining ovoz berish binolarida yashirin ovoz berish uchun yetarli miqdorda kabinalar jihozlanishi, saylov byulletenlarini berish uchun joylar ajratilishi hamda saylov qutilari o‘rnatilishi masalasi ham tegishli qonunchiligimizga muvofiq holda tashkil qilindi, – deydi mazkur uchastka saylov komissiyasi raisi Zokir Husenov.
– Saylovga tayyorgarlik jarayonlarini har kuni kuzatib boraman, – deydi Buxoro davlat universiteti o‘qituvchisi Dilbar Rahmonova. –Talabalar ushbu siyosiy jarayonda ishtirok etishni intiqlik bilan kutishmoqda. Suhbatimizda partiyalar faoliyati haqida gap ketganda, hatto, bahsli munozaralar ham boshlanib ketadi. Har bir partiyaning olib borayotgan islohotlarga o‘z bilim darajalari qadar izoh berishadi. Bu, albatta, mamlakatimizning siyosiy va ijtimoiy ishlariga talabalarning befarq emasligini yana bir karra namoyon etadi.
– 27 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda mahalliy Kengashlari deputatligiga saylovga tayyorgarlik ishlari Jondor tumanida ham qizg‘in davom etmoqda, – deydi 221-uchastka saylov komissiyasi raisi Eldar Rizaev. – Har bir jarayonni qonunchiligimizda belgilangan qoidalar va talablar asosida bo‘lishiga jiddiy e’tibor bermoqdamiz. Ovoz berish binolarida yashirin ovoz berish uchun yetarli xonalar jihozlangan, saylov byulletenlarini berish joylari ajratilishi hamda saylov qutilari o‘rnatilishi uchun zarur bo‘lgan barcha shart-sharoitlar ta’minlangan.
Kogon shahar 3-umumta’lim maktabida tashkil etilgan 105-son saylov uchastkasida saylovga tayyorgarlik jarayonlari uyushqoqlik bilan amalga oshirilmoqda. Ayni damda komissiya a’zolarining faoliyat yuritishlari uchun qulayliklar yaratilgan. Belgilangan tartibda texnik jihozlar va turli qo‘llanmalar bilan ta’minlangan.
– Bugun saylov uchastkada komissiya a’zolarining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, – deydi uchastka saylov komissiyasi a’zosi Laylo Hojieva. – Bunda har bir komissiya a’zosining saylov jarayoniga oid hozirgacha bo‘lgan faoliyati to‘g‘risida so‘z bordi. Kelgusidagi rejalar aniqlab olindi.
Darhaqiqat, oldimizda turgan muhim siyosiy tadbir yurtimiz va xalqimiz ertasi, farzandlarimiz kelajagi uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega. Shu bois har birimiz Vatanimiz ertasiga befarq bo‘lmasligimiz lozim.